← Bloglarga qaytish

Sweet Georgia sayyohlik ekotizimida yagona hisob tizimini qanday yaratdik

Tasavvur qiling, Gruziyaga sayohat rejalashtiryapsiz. Sweet Georgia portalida qayerlarga borish haqida o‘qiysiz. Travel’da yo‘nalishlarni ko‘rib chiqasiz. Keyin hamroh topish uchun Buddies’ga o‘tasiz. Sayohat bitta, saytlar esa bir nechta. Nega har biriga o‘tganda yangidan hisob ochish kerak?

Yagona hisob ustidagi ishimiz shu savoldan boshlandi. Foydalanuvchi elektron pochta manzilini bir marta tasdiqlab, keyin o‘sha hisob bilan ekotizimning turli xizmatlaridan foydalana olishini istadik. Foydalanuvchining bir necha qadami tejalishi uchun biz ancha ish qildik. Saytlar bir odamni qanday tanishini va har bir loyiha unga qanday imkoniyatlar berishini boshidan o‘ylab chiqishimizga to‘g‘ri keldi.
Bitta hisob, turli rollar
Bir odam ertalab Buddies’da hamroh izlashi, tushda Gedriver’da yo‘lovchi sifatida safar rejalashtirishi, kechqurun esa o‘sha xizmatda haydovchi profilini to‘ldirishi mumkin. Hisob o‘sha-o‘sha. Uning roli qaysi xizmatdan qanday foydalanayotgani va shu loyihada qanday huquqlarga ega ekaniga bog‘liq.

Tizimimizda har bir foydalanuvchining umumiy identifikatori bor. Shu tufayli, masalan, turli loyihalarda saralanganlarga qo‘shgan narsalarini bitta shaxsiy kabinetda ko‘rishi mumkin. Har bir loyiha o‘z profillari va huquqlarini mustaqil boshqaradi. Buddies’da foydalanuvchi profiliga qo‘yiladigan talablar bor, Gedriver’da esa haydovchi maqomini olishning o‘z tartibi bor.

Foydalanuvchi yagona hisob orqali kirganda, loyiha uning kimligini biladi. Haydovchi rejimiga o‘tishi yoki administrator funksiyalaridan foydalanishi mumkinligini esa loyihaning o‘zi belgilaydi.
Ro‘yxatdan o‘tish qanday ishlaydi?
Foydalanuvchi arizani to‘ldiradi. Hisoblar va seanslarni boshqaradigan umumiy Auth xizmatimiz uning elektron pochtasiga tasdiqlash kodini yuboradi. Kodni ilovaning o‘zida yoki xatdagi havola orqali ochilgan sahifada kiritish mumkin. Kod to‘g‘ri bo‘lsa, hisob faollashadi.

Loyiha shu arizaning o‘zida profil uchun kerakli ma’lumotlarni ham so‘rashi mumkin. Masalan, Buddies uchun ism, yosh va mamlakat kerak. Buddies bu ma’lumotlarni o‘z bazasida saqlaydi va profilni umumiy hisob identifikatoriga bog‘laydi.

Sweet Georgia’da hisobi bor odam Buddies’dan birinchi marta foydalanmoqchi bo‘lsa, o‘sha parolni kiritib hisob o‘ziga tegishli ekanini tasdiqlaydi. Shundan so‘ng Buddies’da uning profili yaratiladi, umumiy hisob esa o‘sha-o‘sha qoladi. Yagona hisobning amaliy foydasi shu yerda bilinadi. Odam yangi xizmatdan foydalana boshlaydi, avvalgi hisobi va unga bog‘langan ma’lumotlar esa o‘z joyida qoladi.
Aloqa uzilib qolsa, nima bo‘ladi?
Ro‘yxatdan o‘tish shaklida bitta tugma bor. Uning ortida esa bir nechta alohida amal bajariladi. Ariza yaratiladi, xat yuboriladi, kerak bo‘lsa, loyihadagi profil ham saqlanadi. Ba’zan aloqa server so‘rovni qabul qilgan, foydalanuvchi esa javobni hali ko‘rmagan paytda uzilib qoladi.

Takroriy so‘rovlarni ham hisobga oldik. Javob yetib kelmasa va foydalanuvchi amalni takrorlasa, tizim avval boshlangan jarayonni taniy olishi kerak. Tasdiqlanmagan ariza esa foydalanuvchi kodni kiritguncha kutish holatida qoladi. Ro‘yxatdan o‘tishda bir nechta xizmat qatnashganida bu ayniqsa muhim. Har bir xizmat jarayon qaysi bosqichda ekanini va foydalanuvchiga kerakli imkoniyatlarni qachon ochish mumkinligini bilishi kerak.
Tizim seansni qanday saqlaydi?
Qulaylik ham muhim. Foydalanuvchi saytda «Meni eslab qol» bandini belgilasa, o‘sha brauzerda 30 kungacha hisobiga parolni qayta kiritmasdan qaytishi mumkin. Veb-seansni loyiha serveri boshqaradi, brauzerda esa himoyalangan cookie saqlanadi. Seansni yangilash hisobdan foydalanishni davom ettirish imkonini beradi. Foydalanuvchi hisobdan chiqish tugmasini bosganda, joriy seans bekor qilinadi.

Sweet Georgia bosh portali va unga ulangan quyi domenlarda foydalanuvchi bir hisob bilan ishlashda davom etadi. Ro‘yxatdan o‘tishni tasdiqlash va parolni tiklash uchun umumiy sahifalarimiz bor. Bu amallar tugagach, saytga qaytish havolasi foydalanuvchini bosh portalga olib boradi.

Tasdiqlash kodi qayerga yuborilishi ham xavfsizlikning muhim qismi. Ariza qabul qilinganda, loyiha foydalanuvchi va ariza identifikatorlarini oladi. Kod esa faqat foydalanuvchining elektron pochtasiga yuboriladi. Himoyalangan funksiyaga murojaat qilinganda, loyiha avval seansni tekshiradi, so‘ng foydalanuvchining huquqlarini o‘z qoidalariga muvofiq aniqlaydi.
Eng ko‘p vaqtni haqiqiy ssenariylarni tekshirish oldi
API’ning bitta metodini alohida tekshirish nisbatan oson. Butun jarayonni foydalanuvchi kabi boshidan oxirigacha o‘tib ko‘rsangiz, ancha ko‘p narsa ayon bo‘ladi. Biz pochta qutisidagi xatlarni ochdik, kodlarni kiritdik, xato parol bilan kirib ko‘rdik, parolni almashtirdik, hisobdan chiqdik va keyin parolni brauzer orqali tikladik. Shu tariqa bir muammoni topdik. Parolni tiklash sahifasi ochilar, lekin server brauzer yuborgan so‘rovni rad etardi. Bu holat jarayonni oxirigacha sinaganimizda ko‘rindi.

Sweet Georgia’da avvaldan ro‘yxatdan o‘tgan odam Buddies’ga o‘tganda nima bo‘lishini ham tekshirdik. Hisobga muvaffaqiyatli kirishning o‘zi yetarli emas edi. Ikkala loyiha ham aynan bir foydalanuvchini taniyotganini va Buddies’dagi profil uning umumiy hisobiga bog‘langanini tasdiqlashimiz kerak edi.

Bu ishning natijasi kundalik foydalanishda ko‘rinadi. Odam sayohatini rejalashtiradi, bir saytdan boshqasiga o‘tadi, qiziqqan joyini saqlaydi yoki hamroh izlaydi. Buning uchun unga bitta hisob kifoya. Saytlar o‘rtasidagi bog‘lanish, seansni saqlash va huquqlarni tekshirish bilan tizimning o‘zi shug‘ullanadi.